Page 186 - ANSAMBL IJROCHILIGI: TARIX, NAZARIYA, AMALIYOT: Хalqaro ilmiy-amaliy seminar materiallari to'plami
P. 186
Klarnet kadensiyasi va reprizadan so‘ng koda yangraydi. Bu yerda
klarnet partiyasi sur’at tezligi, shtrixlar va texnik unsurlar xilma-xilligi nuqtai
nazaridan o‘ta murakkab. Bunday holatda jo‘rnavoz ritmik aniqlikni hamda
kuy chizig‘ining relyefini to‘g‘ri ko‘rsata bilishi zarur. Fortepiano jo‘rligi asar
boshidagi kabi akkordlar tizmasi bilan yakunlanib, qismlarni umumg‘oyaviy
nuqtaga olib keladi.
XX asrda musiqiy til yanada murakkablashadi. XVIII va XIX asrlarda
faqatgina yakkaxon kadensiyalariga xos bo‘lgan shakliy, ritmik, agogik
erkinlik endilikda asarning istalgan qismidan joy egallashi mumkin.
Fortepiano jo‘rligi esa, nafaqat XVIII asrga xos ritmik, garmonik ustun va XIX
asrga xos teng huquqli duetning tarkibiy qismi sifatida yakkaxonda mavjud
ifoda unsurlarini o‘z partiyasida ham namoyish etadi, balki XX asrda
shakllangan tasviriy usullardan ham keng ko‘lamda foydalanadi.
XX asrda klarnet va fortepiano uchun yaratilgan asarlar qatorida
fransuz kompozitor Ejen Bozzaning «Ariya», «Klaribel» hamda «Bukolika»
nomli pyesalari alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda ular nafaqat
yurtimizda, balki butun dunyo bo‘ylab ko‘pgina ko‘rik-tanlovlarning
dasturiga kiritilgan. Shaxsan skripka ijrochisi bo‘lishiga qaramay, E. Bozza
yog‘och va mis damli cholg‘ular uchun asarlar muallifi sifatida dunyoga
tanilgan. Uning ijodiyoti keng qamrovli bo‘lib, 5ta simfoniya, opera va
baletlar, xor uchun yirik shakldagi asarlarni o‘z ichiga oladi. Klarnet va
fortepiano uchun yozilgan asarlarda ham bu ijodiy xilma-xillik musiqiy
qatlamda o‘z aksini topadi.
Kompozitorning «Bukolika» asarida fortepiano jo‘rligi ba'zan
skripkada passajlarni ijro etayotgandek, ba’zan esa opera klavirini
chalayotgandek. Bu yerda garmonik til o‘ta ifodali, boy va serqirradir.
Bundan tashqari, Bozza mavjud dinamik unsurlardan ham keng foydalanadi.
Asar katta diapazonni qamrab oluvchi garmoniyaning yoyilishidan
boshlanadi. Undan so‘ng, erkin tarzda xuddi shunday kenglikda klarnet
yangraydi. Bu ham XIX asr musiqasidan farq qiladi. XIX asr kompozitorlari
qismlar o‘rtasida dramatik, g‘oyaviy yoki shakliy ziddiyat hosil qilish uchun
asarning bir qismida klarnet va fortepiano cholg‘ularining ma'lum registrini
namoyish etib, boshqa registrni keyingi qismda ifoda etganlar. XX asrda
ifodaviy imkoniyatlar ko‘lami ancha kengayishi natijasida, faqatgina
registrlarga xos farqlovchi unsurlarga tayanmoq usuli eskirdi.
Asarning o‘rta qismida (Andantino mosso ma non troppo) XIX asr oxiri
va XX asr fransuz operasiga xos ifoda usullaridan foydalanib, muallif fransuz
vokal maktabi ijro mahoratini klarnet cholg‘usida aks ettirishga erishadi.
Asarning skerso qismida klarnet va fortepiano partiyalari texnik
mahorat nuqtai nazaridan o‘ta murakkab bo‘lib, jo‘rnavozdan yuqori aqliy va
jismoniy e’tibor va diqqatni talab etadi. Bu yerda muhim ahamiyatga ega
ritmik rasm, asosan, fortepiano jo‘rligida namoyon bo‘ladi. Bunday holatda
184

